O'zbekistonda yosh oilalarni ijtimoiy qo'llab-quvvatlash bo'yicha qo'shimcha chora-tadbirlar qabul qilindi
O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Maqkamasi tomonidan 2012 yil 30 aperl kuni 124–sonli 'Yosh oilalarni ijtimoiy qo'llab-quvvatlashga doir qo'shimcha chora-tadbirlar to'g'risida' Qaror qabul qilindi. Qaror yosh oilalarga ijtimoiy-iqtisodiy muammolarni hal qilishda amaliy yordam ko'rsatishni ko'zlaydi.
Hujjatda qayd etilishicha, keyingi uch yilda ipoteka kreditlari berish hisobiga yosh oilalar uchun umumiy summasi 355,4 mlrd so'mlik 9 360 ta kvartira qurildi. Qishloq joylarda Davlat budjeti va Osiyo taraqqiyot bankining mablag'lari hisobiga moliyalashtiriladigan namunaviy loyihalar bo'yicha qishloqda uy-joy ipoteka qurilishi dasturlari doirasida aholining, birinchi navbatda yosh oilalarning uy-joy sharoitlari yaxshilanmoqda.
Shu bilan birgalikda shaharlar, tumanlar va shahar posyolkalarida yashovchi yosh oilalar uchun uy-joy qurilishi dasturini kengaytirish talab etiladi. Shunga muvofiq 2012-2013 yillarda shaharlar, tuman markazlari va shahar posyolkalarida ko'p kvartirali uylarni qurish va rekonstruksiya qilish dasturi tasdiqlandi. Shu davr mobaynida respublika bo'ylab 100 ta uy-joy va 4800 ta xonadon quriladi va rekonstruksiya qilinadi. Yangi qurilishni moliyalashtirish, mavjud foydalanilmayotgan va qurilishi tugallanmagan ko'p kvartirali uylarni rekonstruksiya qilish, keyinchalik ko'rsatib o'tilgan uylardagi kvartiralarni ehtiyojmand yosh oilalarga ipoteka krediti berish shartlarida sotgan holda, tijorat banklarining o'z mablag'lari hisobiga amalga oshiriladi.
Ipoteka krediti berish shartlarida uy-joy olishga ehtiyojmand yosh oilalarni tanlash Qoraqalpog'iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari tomonidan tashkil etiladigan namunaviy tarkibdagi ipoteka krediti berish shartlarida uy-joy sotib olishga ehtiyojmand yosh oilalarni tanlash bo'yicha komissiya tomonidan amalga oshiriladi.
Hujjat bilan, shuningdek kvartiralar umumiy qiymatining 75 foizidan ortiq bo'lmagan miqdordagi ipoteka kreditlari ehtiyojmand yosh oilalarga hududiy komissiyalarning tavsiyalari asosida uy-joy qiymatining kamida 25 foizi miqdoridagi dastlabki badal ariza beruvchilar tomonidan maxsus hisob raqamiga o'tkazilgandan keyin 15 yil muddatga, O'zbekiston Respublikasi Markaziy bankining qayta moliyalashtirish stavkasidan ko'p bo'lmagan foiz stavkasi bo'yicha uch yillik imtiyozli davr bilan berilish tartibi o'rnatilgan.
Imtiyozli davr mobaynida boshlang'ich badalning 25 foizini, ajratilgan ipoteka krediti bo'yicha hisoblab yozilgan foizlarni to'lash, shuningdek oila a'zolaridan biri 'Mehribonlik' uylarida tarbiyalanib chiqqan va birkitilgan turar joyga ega bo'lmagan yosh oilalar uchun mamlakatimizda ishlab chiqarilgan yotoqxona mebeli to'plamini sotib olish, belgilangan tartibda, maqsadli transfertlar ajratish yo'li bilan Qoraqalpog'iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari tomonidan amalga oshiriladi.
Bundan tashqari, yosh oilalarga mamlakatimizda ishlab chiqarilgan, uzoq muddat foydalaniladigan tovarlarni, shu jumladan mebellar, maishiy texnika va uzoq muddat foydalaniladigan boshqa hayotiy muhim tovarlarni sotib olish uchun kreditlar berish O'zbekiston Respublikasi Markaziy bankining qayta moliyalashtirish stavkasidan ko'p bo'lmagan foiz stavkasi bo'yicha, 3 yilgacha bo'lgan muddatga eng kam oylik ish haqining 200 baravarigacha miqdorda amalga oshiriladi. 'Mehribonlik' uylarining 30 yoshgacha bo'lgan, birinchi marta nikohga kirayotgan barcha bitiruvchilariga esa yosh oila tashkil etilishi munosabati bilan to'y sovg'asini - mahalliy budjetlar va xayr-ehson qiluvchilarning mablag'lari hisobiga sotib olinadigan, mamlakatimizning o'zida ishlab chiqarilgan yotoqxona mebeli to'plamini doimiy asos berish ko'zlangan.
UzReport 08.05.2012